Prezident huzurida boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda endilikda eksportni qoʻllab-quvvatlash tizimi oʻzgarishi belgilandi.
Jahon savdo tashkiloti talablari asosida Eksport agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi.
Yangi tizimga muvofiq, Investitsiya vazirligi chet eldagi qaysi bozorda qanday mahsulotlar xaridorgir ekanini aniqlaydi. Ularga kirish uchun hukumatlararo kelishuvlarga erishadi.
Savdo-sanoat palatasi esa tadbirkorlarga yangi bozorlar talablariga moslashishga koʻmaklashadi.
Kompaniya beradigan subsidiya, kredit va yordamlar yangi tadbirkorlik reytingi asosida, eng avvalo, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot bilan yangi bozorlarga chiqayotgan eksportchilarga ajratiladi.
1-martdan ushbu tizimni joriy qilish topshirildi.
Ayrim elchi va savdo maslahatchilari yangi bozorlarni topish, ularga mahsulotlarimizni olib kirish haqida umuman bosh qotirmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Masalan, oʻtgan yili 13 ta davlatga eksport kamaygan.
Oxirgi ikki yilda ayrim mamlakatlar tomonidan jami 18 ta tarif va notarif toʻsiqlar joriy qilindi. Shuningdek, baʼzi davlatlar tayyor trikotaj, mato, kabel, ipak uchun yuqori boj stavkalarini qoʻllayapti.
Aslida mahsulotlarimizga hamkor topish, eksport toʻsiqlarini yumshatish elchilar va maslahatchilarning savdo yoʻnalishidagi eng asosiy vazifasi emasmi!
– dedi Prezident.
Shu munosabat bilan barcha elchi va savdo maslahatchilari uchun alohida samaradorlik koʻrsatkichlari belgilanishi, ishini eplay olmagan va KPIni bajarmaganlari intizomiy jazoga tortilishi belgilandi.
Mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazishda ishonchli logistika zanjirlarini tashkil qilish boʻyicha oʻz yechimini kutayotgan masalalar tahlil qilindi.
Masalan, ayrim mamlakatlarda yuk tashishda qoʻshimcha yigʻimlar mavjud, haydovchilar uchun viza rejimi murakkab, avtotransport uchun vazn talablarini muvofiqlashtirish yakuniga yetkazilmagan, portlarda eksport tovarlarini saqlash va qayta ishlashga moʻljallangan terminallar yoʻq.
Bu masalalar bilan lozim darajada shugʻullanmayotgani uchun transport vaziri I.Mahkamov ogohlantirildi.
Investitsiya vazirligiga logistikadagi muammolarni yechish, mintaqaviy va yirik xalqaro loyihalarni jadallashtirish boʻyicha bir qator topshiriqlar berildi.
Strategik temir yoʻl koridorlarini barpo etish doirasidagi ishlarni faollashtirish lozimligi qayd etildi.
Mutasaddilarga xorijiy mamlakatlarda mahalliy tashuvchilarimiz uchun viza rejimini soddalashtirish choralarini koʻrish topshirildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!