Yangiliklar

Chinoz tumani hokimi Toshkent viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari v.b. lavozimiga tayinlandi

Chinoz tumani hokimi Toshkent viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari v.b. lavozimiga tayinlandi
Foto: Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati

Toshkent viloyati hokimining tegishli qarori bilan Xolmirza Niyozov viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Zoyir Mirzayevning tegishli qarori bilan Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimiga Chinoz tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Botir Alimbekov vazifa bajaruvchi etib tayinlandi.

B.Alimbekov 1978-yilda Zangiota tumanida tugʻilgan. Maʼlumoti – oliy. 1999-yilda Toshkent davlat agrar universitetini, 2009-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Botir Alimbekov mehnat faoliyatini Parkent tumani “Sardor” qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonasida muhandis vazifasida boshlagan. Mehnat faoliyati davomida Toshkent viloyati qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasining boshligʻi, “Toshkentagrokimyohimoya” hududiy aksiyadorlik jamiyatining direktori singari masʼuliyatli vazifalarda ishlagan.