Yangiliklar

Dam olish kunlari mamlakat boʻylab yomgʻir yogʻishi kutilmoqda

Dam olish kunlari mamlakat boʻylab yomgʻir yogʻishi kutilmoqda

Ertaga Oʻzbekiston hududiga nam havoning yangi qismi kirib kelishi boshlanadi. Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi. 

Shanba kuni Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida, kunning ikkinchi yarmida Samarqand, Jizzax viloyatlarida va kechga tomon Sirdaryo viloyatida baʼzi joylarda asosan yomgʻir koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻladi. Yakshanba kuni respublika boʻyicha baʼzi joylarda yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻlishi kutilmoqda.

Baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin. Kunduzgi harorat 2-4-fevral kunlari 3-8 daraja iliq atrofida boʻladi. Kechasi harorat asosan 0-5 daraja sovuq, baʼzi joylarda 3 daraja iliqqacha boʻladi. 3-4-fevralda respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Poytaxtda yakshanba kuni biroz yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻlishi mumkin. Harorat kechasi 0-2 daraja sovuq, kunduzi 3-5 daraja iliq boʻladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.

Sharqiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, gʻarbdan 5-10 m/s tezlikda esadi.