Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoʻshrabot tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “J.I.” fermer xoʻjaligi va “S.P.” MCHJ masʼul shaxslari suv nasoslari hamda yangi qurilayotgan binoni isitish pechlari hamda boshqa eletr jihozlarni hech qanday hujjatsiz tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻgʻrilik yoʻli bilan ulab, jami 256,8 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Termiz tuman boʻlimi tomonidan “Oʻzenergoinspeksiya” xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Denov tumani yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi masʼul shaxslari “Ayritom” MFY hududiga oʻrnatilgan yangi koʻcha chiroqlarini hech qanday hujjatsiz umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri ulaganliklari oqibatida jami 169,1 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi aniqlangan.
Departamentning Qoʻqon shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, fuqaro X.I. va boshqalar “Mingtut” MFYda joylashgan oʻquv markazi binosini hech qanday hujjatsiz tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻgʻrilik yoʻli bilan ulab, jami 146,5 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!