10 yil muddatga ozodlikda mahrum etilgan Andijon shahrining sobiq hokimi Baxrom Haydarovning jazoni ijro etish muassasasidagi vafoti koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan nazoratga olingan holda oʻrganildi.
Maʼlum boʻlishicha, marhum B.Haydarov respublikada yagona hisoblanuvchi mahkumlarni davolashga moʻljallangan Toshkent shahrida joylashgan 23-son Mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada jazo muddatini oʻtayotgan, yaʼni davolanayotgan boʻlgan.
Ushbu kasalxona mingdan ortiq mahkumni davolashga ixtisoslashgan boʻlib, 200 ga yaqin shifokor va feldsherlar xizmat olib boradi. Mazkur muassasa mahkumlarni davolashga ixtisoslashgan respublikadagi yagona kasalxona boʻlganligi uchun zaruriy va zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan mazkur kasalxonaga monitoring tashriflari amalga oshirib kelingan, kasalxona hududida oʻrnatilgan “Ombudsman qutisi”ga kelib tushgan murojaatlar doimo ish yurituviga olingan.
Kasalxona tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga koʻra, marhum B.Haydarov “Yurak ishemik kasalligi zoʻriqish stenokardiyasi FS-III, IKKS (2022-yil mart). Koronar qon tomirlar stentlash operatsiyasidan keyingi holat (2022-yil aprel). Gipertoniya kasalligi III bosqich. Arterial gipertenziya-III. Xavf-IV (Oʻta yuqori)” tashxisi bilan 2024-yil 5-mart kuni soat 00:15larda kasalxonaning terapiya boʻlinmasida vafot etgan.
Ushbu holat haqida kasalxona rahbariyati tomonidan maxsus prokurorga va Jazoni ijro etish departamentiga maʼlumot hamda marhumning yaqin qarindoshlariga xabar berilgan. Maxsus prokuratura tomonidan sud-tibbiy ekspertlar jalb qilingan holda tekshiruv oʻtkazilgan. Shu kuni soat 8:30larda marhum oʻgʻli va qudasi tomonidan olib ketilgan.
Shu kuniyoq Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning oila aʼzolari va yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Hozirda holat yuzasidan prokuratura idoralari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!