Jahon

Bangladesh muvaqqat hukumatiga Nobel mukofoti laureati rahbarlik qiladi

Bangladesh muvaqqat hukumatiga Nobel mukofoti laureati rahbarlik qiladi

Ommaviy norozilik namoyishlari ostida Bangladesh muvaqqat hukumatiga iqtisodchi, tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus rahbarlik qiladi. Bu haqda 6-avgust, seshanba kuni Dhaka Tribune gazetasi mamlakat prezidenti Shahabuddin Chuppa matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

84 yoshli Yunusni lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi qaror davlat rahbari va Yunus nomzodini ilgari surayotgan «Talabalar diskriminatsiyaga qarshi» norozilik harakati yetakchilari bilan uchrashuvda qabul qilingan. Muvaqqat hukumatning yakuniy tarkibi Bangladeshdagi siyosiy partiyalar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng aniqlanadi, deya qo‘shimcha qildi matbuot xizmati.

Avvalroq, 6-avgust kuni Bangladesh prezidenti muvaqqat hukumatni shakllantirish uchun parlamentni tarqatib yuborishni e’lon qilgan edi. Bir kun avval Bangladeshda 2009-yildan beri bosh vazir lavozimida ishlab kelgan 76 yoshli Shayx Hasina norozilik namoyishlari ostida mamlakatni tark etgan edi.

Hasinaning iste’fosi oldidan bir necha hafta davom etgan norozilik namoyishlarida 300 ga yaqin odam halok bo‘lgan. Ulardan kamida 109 nafari 5 avgust kungi tartibsizliklar qurboni bo‘lgan.

Yunus kambag‘allarga mo‘ljallangan mikrokreditlar uchun Nobel mukofoti olgan

Muhammad Yunus 2006-yilda «Mikrokreditlar orqali iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning pastdan yuqoriga» tushunchasini kiritgani uchun tinchlik uchun Nobel mukofotini olgan. Yunus tomonidan asos solingan Grameen Bank kichik biznesini rivojlantirish istagida bo‘lgan millionlab kambag‘allarga mikrokreditlar ajratdi va shu orqali ularning qashshoqlikdan qutulishiga yordam berdi.