Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti va Yaponiyaning “Nippon Foundation” jamg‘armasi birgalikda o‘tkazgan tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, Yaponiyaning ta’lim grantlari IT, muhandislik, tibbiyot, farmatsevtika va tarjimonlik sohalariga beriladigan bo‘ldi. Kelasi yildan boshlab ushbu sohalarda bir guruh yoshlar Yaponiyaning top universitetlarida bepul o‘qishi mumkin bo‘ladi.
Yaponiyaning “Nippon Foundation” jamg‘armasi O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun bir necha mln dollar grant ajratadi. Bu haqda yaponiyalik hamkorlar ishtirokida 7-8-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy seminarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti rektorining birinchi o‘rinbosari Akram Umarov ma’lum qildi.
“Markaziy Osiyoda ko‘plab davlatlarning manfaati to‘qnashadi. Fikrimcha, Yaponiya ham o‘zi uchun qiziq bo‘lgan yo‘nalishlarni tahlil qilgan va yumshoq kuch sifatida ta’lim sohasini tanlagan. Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida 9–12-avgust kunlari Markaziy Osiyoning qator davlatlariga tashrif bilan kelayotgani ham mintaqaning Tokio tashqi siyosatida muhimligini anglatadi”, deydi Umarov.
Tadqiqotda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari qamrab olingan. 1270 nafardan ortiq respondent – talabalar, oliy o‘quv yurtlari rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari ishtirokida sotsiologik so‘rov va chuqurlashtirilgan intervyular o‘tkazilgan.
Tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, ta’lim grantini IT, muhandislik, tibbiyot, farmatsevtika va tarjimonlik sohalariga ajratishga qaror qilingan. Kelajakda O‘zbekiston bozorida bu sohalarga talab yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
IXTI Yapon dasturlari loyihasi direktori Mehriniso Abdurasulovaning ma’lum qilishicha, o‘zbek talabalari ushbu sohalar bo‘yicha Yaponiyaning top oliygohlarida bepul ta’lim olishadi. Loyiha 2025-yil mart oyidan boshlanishi rejalashtirilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!