Jamiyat, Jinoyat

400 ga yaqin mansabdorning noqonuniy tadbirkorlik faoliyati aniqlandi

400 ga yaqin mansabdorning noqonuniy tadbirkorlik faoliyati aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi 398 ta mansabdorning noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini aniqladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilishi natijasida bir qancha mansabdorlarning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtiroki aniqlandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati maʼlum qildi.

Aytilishicha, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirliklari va ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda ularda faoliyat yuritayotgan 398 nafar boshqaruv xodimi 449 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlangan.

Ulardan 93 nafari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining boshqaruv xodimlari boʻlib, 112 ta tadbirkorlik subyektida faoliyat yuritgan. 26 nafari esa Suv xo‘jaligi vazirligining boshqaruv xodimi sifatida ishlagan hamda 35 ta tadbirkorlik subyektiga aloqador boʻlgan, shuningdek, 279 nafar Qishloq xo‘jaligi vazirligining boshqaruv xodimlari esa 302 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelgan.

Agentlik yuqoridagi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha mazkur vazirliklarga tegishli taqdimnomalar kiritilib, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlariga chek qo’yilganligini bildirmoqda. Ammo mansabdorlarga qay tarzda chora koʻrilganligi haqida maʼlumot berilmagan.