Jahon

Tojikiston prezidenti fuqarolarni vatan himoyasiga shay turishga chaqirdi

Tojikiston prezidenti fuqarolarni vatan himoyasiga shay turishga chaqirdi

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 9 sentyabrda nishonlanadigan Tojikiston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan fuqarolariga tabrik yoʻlladi.

Unda prezident global vaziyatining murakkablashuvi, yangi “sovuq urush”, shiddat bilan qurollanish, shuningdek, terrorizm va ekstremizm tufayli fuqarolarni hushyor boʻlishga va vatan himoyasiga shay turishga chaqirdi.

«Soʻnggi 4-5 yil ichida dunyodagi vaziyat tobora murakkablashib bormoqda. Qurollanish jarayonining tezlashuvi, ʻsovuq urushʻ, zamonaviy dunyoning tahdid va xavflari, jumladan, terrorizm va ekstremizm, kiberjinoyatlar hamda boshqa transmilliy uyushgan jinoyatlar kun sayin kuchayib bormoqda.

Zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarning salbiy taʼsiri, tilga olingan muammolar jonajon Tojikistonimizga ham tegishli. Bunday notinch zamonda biz doim sergak va mustaqilligimiz hamda erkinligimizni himoya qilishga tayyor turishimiz lozim, toki gʻaflatda qolmaylik. Mamlakatimizda xavfsizlik, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash nafaqat hukumat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri, balki har bir vatanparvar fuqaroning birinchi darajali vazifasidir», dedi u.

Shuningdek, Rahmon yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirish uchun ularni tojik xalqining anʼanalari bilan tanishtirish zarurligini taʼkidladi. U hukumatning tashabbusini eslatib oʻtdi: har bir oilaga fors adabiyoti klassigi Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” va Tojikiston qahramoni Bobojon Gʻafurovning “Tojiklar” kitobini sovgʻa qilish.