Jamiyat, Jinoyat

Qarshidagi tibbiyot muassasasi 2 milliard so‘mdan ziyod elektr energiyasini noqonuniy ishlatgani aniqlandi

Qarshidagi tibbiyot muassasasi 2 milliard so‘mdan ziyod elektr energiyasini noqonuniy ishlatgani aniqlandi
Energiya rusurslaridan samarali va oqilona foydalanish bugungi kunning muhim vazifalaridan. Shu sababli, “O‘zenergoinspeksiya” va uning hududiy boshqarmalari tomonidan uzluksiz tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bu kabi tadbirlarda iste’molchilar tomonidan ushbu manbalardan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanyapti.

Yaqinda Andijon viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Asaka tumanida faoliyat yuritayotgan “Z.” MCHJga qarashli choyxonaning elektr hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatilib, elektr energiyasi o‘g‘rincha ishlatilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Qarshi shahridagi tibbiyot muassasasida ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarmoqqa ulanib, elektr energiyasi noqonuniy ishlatilgani Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan fosh etildi. Ya’ni, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi markazi Qashqadaryo viloyati filialida 4 dona chiller sovutish tizimi (quvvati 612.6 kVt) elektr tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan va manba yashirincha ishlatilgan.

Dastlabki hisob-qitoblarga ko‘ra, birinchi holatda 567,6 million so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘rincha ishlatilgan. Ikkinchi holatda esa davlat manfaatiga 2 milliard 182 million so‘mlik zarar keltirilgan.

“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmatining  ma’lum qilishicha, har ikki holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.