Jamiyat, Jinoyat

Qiz farzandi bo‘lsa axlatga tashlashini aytgan tiktokerga jinoyat ishi ochildi

Qiz farzandi bo‘lsa axlatga tashlashini aytgan tiktokerga jinoyat ishi ochildi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Sardor gangster» taxallusi bilan chiqishlar qilib kelgan Sardor Safarboyevga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Tiktokerning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xotin-qizlarni tahqirlovchi videosi jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. U o‘z sahifasiga joylagan videosida agar qiz farzandli bo‘lsa, o‘ylab o‘tirmasdan uni axlatga uloqtirishini aytgan.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (Fuqarolarning teng huquqliligini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, behayo chiqishlari bilan tanilgan tiktoker muqaddam ma’muriy javobgarlikka ham tortilgan. U oldin Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 184-3-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilgan va 10 sutkaga qamalgan.