Chorshanba kuni O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massasi kirib keladi. G‘arbiy hududlardan tashqari deyarli hamma joyda yomg‘ir yog‘adi, tog‘larda qorga aylanadi. Kechasi harorat nolga tushadi yoki biroz pasayadi, kunduzi ham harorat salqinlashadi.
Hafta boshida O‘zbekistonning aksariyat hududlarida quruq ob-havo davom etadi, deb xabar qildi «O‘zgidromet».
11—12 noyabr kunlari respublikada yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, faqat Buxoro, Navoiy viloyatlari va respublika janubida 12-noyabr kuni kechqurun joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Shu kunlarda havo harorati keskin o‘zgarmaydi va kechasi +2…+7 daraja, kunduzi +12…+15 daraja, ayrim joylarda +17 darajagacha bo‘ladi.
13-noyabr kuni O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massasi kirib keladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari aksariyat hududlarda yomg‘ir yog‘adi, tog‘li hududlarda qorga aylanadi. Kunduzi havo harorati +5…+10 darajagacha pasayadi.
13-noyabr kuni kechqurun yomg‘ir deyarli hamma joyda to‘xtaydi. 14—15 noyabr kunlari respublikada yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, faqat Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida 14-noyabrga o‘tar kechasi biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
14—15 noyabrda kechasi havo harorati 0…+3 darajagacha pasayadi, ba’zi joylarda —2 darajagacha bo‘ladi, 14 noyabrda kunduzi +5…+10 daraja, 15 noyabrda +8…+13 daraja bo‘ladi.
Sharqdan tomondan shamol g‘arbga o‘zgarib 7-12 m/s tezlikda esadi, 13 noyabr kuni ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Kechasi va ertalab joylarda tuman tushishi mumkin.
Toshkentda: dushanba va seshanba kunlari yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. 13 noyabr, chorshanba kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ib, shamol tezligi 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. 14-15 noyabr kunlari yana yog‘ingarchilik bo‘lmaydi.
Havo harorati: 11-12 noyabr kunlari kechasi +2…+5 daraja, kunduzi +12…+15 daraja. Chorshanba kechasi va kunduzi +5…+8 daraja. 14-15 noyabr kunlari kechasi 0…-2 daraja, kunduzi +8…+11 daraja bo‘ladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!