O‘tkazilgan reydlarda Mirobod tumanida 120 dan ortiq banner olib tashlandi. Shuningdek, Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarida ham demontaj ishlari olib borildi.
Mirobod tumanida Shahrisabz, Islom Karimov, Nukus va Farg‘ona yo‘li ko‘chalaridagi 120 dan ortiq reklama bannerlari va taxtalari demontaj qilindi. Reyd tuman hokimligi xodimlari tomonidan o‘tkazildi.
«Tadbir davomida o‘rnatilgan reklama konstruksiyalarining amaldagi me’yorlarga muvofiqligi sinchkovlik bilan tekshirildi», — deyiladi hokimlik xabarida.
Yakkasaroy tumanining Bobur va Nukus ko‘chalaridagi 16 qavatli uyning old tomonida joylashgan reklama banneri demontaj qilindi. Olib tashlash to‘g‘risidagi qaror aholi murojaatlari asosida o‘rganilib, vakolatli organlar tomonidan qabul qilindi.
Bundan tashqari, ko‘cha va magistral yo‘llar chetida joylashgan noqonuniy reklama konstruksiyalarini demontaj qilish bo‘yicha reyd Chilonzor tumanida ham o‘tkazildi.
Tuman Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan ko‘p qavatli binolarning fasadlaridan reklama bannerlari olib tashlangan.
Xuddi shunday reyd Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida ham ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida o‘tkazildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!