Jahon

Suriyalik isyonchilar Halab shahrining g’arbiy qismini nazoratga oldi

Suriyalik isyonchilar Halab shahrining g’arbiy qismini nazoratga oldi

Bugun, 30-noyabr kuni ertalab Suriyaning «Hayat Tahrir ash-Shom» (Hsh) radikal guruhi jangarilari va ularning ittifoqchilari tezkor hujum natijasida Halab shahrining kamida yarmini egallab oldi, deya xabar bermoqda Suriya Inson huquqlari observatoriyasi.

Uning rahbari Abdel Rahmonga ko‘ra, Suriya hukumat qo‘shinlari deyarli hech qanday qarshilik ko‘rsatmasdan shaharni tark etgan. Biroq AP agentligining xabar berishicha, kuni kecha Halabning g‘arbiy chekkasida shiddatli janglar bo‘lgan.

Anadolu agentligi xabariga ko‘ra, muxolifat kuchlari Halab markaziga g‘arbdan kirib kelgan. 10 ming fuqaro Halab janubidagi Idlib viloyatiga qochib chiqib ketdi.

Sky News Arabia telekanali o‘z manbasiga tayanib, jangarilar janubiy, g‘arbiy va shimoliy jabhalarda hujumlarini davom ettirayotgani, Ar-Rashiddin hududiga kirib kelgani, Halab g‘arbidagi tadqiqot markazini egallab olgani va hozir shaharga janubdan ham yaqinlashganini yozdi.

Kremlparast VChK-OGPU Telegram-kanaliga ko‘ra, 29 noyabr oqshomida Halab deyarli to‘liq Xsh va uning ittifoqchilari nazoratiga o‘tgan, jangarilar allaqachon shahar markazida bo‘lib, g‘alabani nishonlamoqda va mushakbozlik uyushtirmoqda. Suriya hukumati 2016 yil oxirida bir necha oy davom etgan qonli janglardan so‘ng mamlakatning poytaxt Damashqdan keyingi ikkinchi yirik shahri Halab ustidan nazoratni tiklagandi.

Suriyaning «Hayat Tahrir ash-Shom» (Hsh) radikal guruhi jangarilari va ularning boshqa guruhlardagi ittifoqchilari bir kun avval boshlangan hujum davomida 28-noyabr kuni Halab viloyatida bir qator muhim pozitsiyalarni egallab oldi. «Hayat Tahrir ash-Sham» radikal guruh bo‘lib, avval «Al-Qoida»ning Suriyadagi bo‘limi bo‘lgan «Jabhat an-Nusra»dan ajralib chiqqan. Guruh ko‘plab mamlakatlarda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan.

Londonda joylashgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasi (SOHR) ma’lumotlariga ko‘ra, janglarda 121 jangari va hukumatga qarashli Suriya arab armiyasidan (SAA) 61 askar halok bo‘lgan. Tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlar bor. Qayd etilishicha, hujumchilar qurol-yarog‘ omborlari va zirhli mashinalarni egallab olgan.