Jamiyat

Ekologik huquqbuzarliklar kosmik monitoring orqali aniqlanadi

Ekologik huquqbuzarliklar kosmik monitoring orqali aniqlanadi

2026-yildan boshlab O‘zbekiston bo‘ylab daraxtlarning noqonuniy kesilishi holatlari kosmik monitoring orqali aniqlanadi. Bu chora O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirish va qishloq xo‘jaligi quyi bo‘g‘inida boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonida belgilab qo‘yilgan.

Farmonga muvofiq, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan ekologiya sohasida chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish, noqonuniy chiqindi zonalari hosil bo‘lishi kabi holatlarni barvaqt aniqlash maqsadida yiliga kamida uch marta davlat kosmik monitoringi o‘tkaziladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-martdan boshlab boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan yer maydonlarida somonpoyalar va ularning qoldiqlarini yoqish kabi salbiy holatlarga chek qo‘yish bo‘yicha alohida e’tibor qaratiladi.

Farmonda, shuningdek, energetika, transport, avtomobil yo‘llari, kosmik ta’lim va suv xo‘jaligi yo‘nalishlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar ham belgilangan. Xususan, 2026-yil 1-oktabrga qadar Surxondaryo viloyatida quyosh panellarini joylashtirish imkoniyatiga ega maydonlar o‘rganiladi.

Barcha ma’lumotlar “Space Gov Monitoring” (SGM) markazlashgan yagona platformasiga kiritilib, ekologik huquqbuzarliklar bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muntazam ravishda nazorat qilib boriladi.