Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun 800 million dollarlik imtiyozli kredit paketini ma’qulladi. Ushbu mablag‘ mamlakatda kambag‘allikni kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida raqobatni kuchaytirish maqsadida yo‘naltiriladi.
Bank ma’lumotiga ko‘ra, kreditlar uzoq muddatli va past foizli shartlarda taqdim etiladi. Bu orqali O‘zbekiston qarz xarajatlarini kamaytirib, byudjet mablag‘larini ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Jahon bankining qo‘llab-quvvatlashi quyidagi yo‘nalishlardagi islohotlarni jadallashtirishni ko‘zda tutadi:
- Ijtimoiy himoya: energiya tariflarining oshishi oqibatlarini yumshatish uchun kam ta’minlangan oilalarga beriladigan yordam miqdorini 270 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha oshirish.
- Ayollar huquqlari: ayollarni ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish, ish beruvchilarga homilador yoki bola parvarishlayotgan ayollarni diskriminatsiya qilishni taqiqlash.
- Xususiy sektor: davlat korxonalarini samarali boshqarish, ularni xususiylashtirish va telekommunikatsiya bozorida mustaqil regulyator tashkil etish.
- Qishloq xo‘jaligi: fermerlar uchun sug‘urta tizimini yo‘lga qo‘yish, paxta narxlarini bozor mexanizmlari asosida belgilash va to‘qimachilik korxonalariga xomashyo sotib olishda erkinlik berish.
- Tashqi savdo: JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish va ayrim tovarlar eksportida ruxsatnomalarni bekor qilish orqali savdoni soddalashtirish.
- Energetika: qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, elektr taqsimoti bozorini xususiy sarmoyadorlar uchun ochish.
- Ekologiya: “yashil” davlat xaridlarini joriy etish hamda energiya tejamkor loyihalarga investitsiyalarni rag‘batlantirish.
Mutaxassislar fikricha, ushbu moliyaviy yordam O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishini tezlashtirish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!