O‘zbekiston

O‘zbekiston va Serbiya Birinchi xonimlari “Imkon” bolalar bog‘chasiga tashrif buyurdilar

O‘zbekiston va Serbiya Birinchi xonimlari “Imkon” bolalar bog‘chasiga tashrif buyurdilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva va Serbiya Respublikasi Prezidentining rafiqasi Tamara Vuchich Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan, reabilitatsiya markaziga ega “Imkon” ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasiga tashrif buyurdilar.

Mehmonlarni muassasa mutaxassislari kutib olib, alohida parvarishga muhtoj bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdilar. “Imkon” markazi bolalar bog‘chasi, logopedik va psixologik yordam, shuningdek, tibbiy hamda ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlarini o‘z ichiga oladi.

Tashrif davomida Ziroat Mirziyoyeva va Tamara Vuchich bolalar, tarbiyachilar va ota-onalar bilan suhbatlashib, bunday muassasalarning inklyuziv jamiyatni rivojlantirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

O‘zbekiston Birinchi xonimi inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish bolalar huquqlarini himoya qilishning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi. Serbiya Prezidentining rafiqasi esa O‘zbekistonda alohida parvarishga muhtoj bolalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan hayratda ekanini bildirib, markaz faoliyatini yuqori baholadi.