O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay xalqaro to‘lov tizimlarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi davomida AQSHning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini joriy etish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, Raqamli akademiya va startap-hablar tarmog‘ini yaratish loyihasi ham rejalashtirilgan. O‘zbekiston AQSH texnologiya gigantlari bilan hamkorlikda loyihalarni moliyalashtirishga DFC va AQSH Eksimbankini jalb etadi.
Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini ishga tushirish rejasi ilk bor 2024-yilda e’lon qilingan edi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, Markaziy bank, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Turizm qo‘mitasiga ushbu kompaniyalar — Apple Pay, Google Pay, PayPal, Alipay, UniPay kabi xalqaro onlayn to‘lov tizimlari bilan muzokaralar o‘tkazish va ularni O‘zbekistondagi bank xizmatlariga integratsiya qilish topshirilgandi.
Biroq, 2025-yil yozida TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani Apple Pay va Google Pay bulutli xizmatlarni cheklovchi shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun tufayli O‘zbekiston bozoriga kira olmayotgani haqida ma’lum qilgan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!