O‘zbekiston hukumati xorijda vaqtincha ishlayotgan fuqarolarning sog‘lig‘i va hayotini ixtiyoriy sug‘urta qilish tizimini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va boshqa tavakkalchiliklarni sug‘urta qilish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasida so‘z boradi.
Loyihada nimalar nazarda tutilgan?
Sug‘urta kompaniyalariga xorijda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun imtiyozli tariflar asosida sug‘urta dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish tavsiya etilmoqda.
Sug‘urta shartnomasi quyidagi holatlarni qamrab oladi:
- ishga joylashish uchun hujjatlarni (patent yoki ruxsatnoma) rasmiylashtira olmaslik xavfi;
- sog‘lig‘ining yomonlashuvi va tibbiy yordam xarajatlarini qoplash;
- xorijda qiyin ahvolda qolish (advokat yoki yuridik xizmatlar uchun to‘lov);
- og‘ir bemorlarni O‘zbekistonga tashish;
- baxtsiz hodisa yoki vafot etish holatlarida repatriatsiya xarajatlarini qoplash.
Sug‘urta javobgarligi fuqaro O‘zbekiston chegarasidan chiqqan paytdan, havo transporti orqali uchayotgan bo‘lsa — samolyot bortiga chiqqan vaqtdan boshlanadi.
Sug‘urta shartnomasi xorijda mehnat faoliyati davomiyligiga teng muddatga tuziladi va sug‘urta polisi rasmiy hujjat sifatida beriladi. Eng kam sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravari miqdorida belgilanadi.
Loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 2025-yil 17-noyabrgacha davom etadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!