Iqtisod

Akfa Group AQShda 600 million dollarlik zavod qurilishini boshladi

Akfa Group AQShda 600 million dollarlik zavod qurilishini boshladi

AKFA Group kompaniyasi AQShning Kentukki shtatida yirik ishlab chiqarish majmuasini barpo etishni boshladi. Bu haqda kompaniya asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayev “O‘zbekiston 24” telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuvida ma’lum qildi.

Yangi loyiha turk hamkor kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Zavodda alyuminiy mahsulotlari, avtomobil ehtiyot qismlari, quyosh batareyalari hamda derazalar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Ortiqxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha uchun dastlabki bosqichda 105 million dollar sarmoya jalb qilinadi. Umumiy investitsiya hajmi esa 600 million dollarga teng.

Mazkur tashabbus AQShda ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, global bozorlarga eksportni yo‘lga qo‘yish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni maqsad qilgan. Shuningdek, loyiha O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy hamkorligini mustahkamlash va Amerika bozoriga yanada chuqurroq kirib borishiga xizmat qiladi.