Vashington shahrida o‘tkazilgan muzokaralarda Shavkat Mirziyoyev va Donald Trump o‘rtasida iqtisodiyot, energetika, foydali qazilmalar va texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yirik kelishuvlar imzolandi.
Ushbu bitimlar doirasida AQSh kompaniyalari O‘zbekistonga milliardlab dollar sarmoya kiritadi, shuningdek, strategik loyihalarda ustuvor huquqlarga ega bo‘ladi.
Foydali qazilmalar va muhim minerallar
– AQSh O‘zbekiston bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan foydali qazilmalar konlariga ustuvor kirish huquqini oldi.
– 400 million dollargacha sarmoya yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda, muqobil minerallar va kamyob yer elementlari ta’minot zanjiri mustahkamlanadi.
– O‘zbekiston AQSh bilan geologik ma’lumotlar almashinuvi tizimini yo‘lga qo‘yadi.
Energetika hamkorligi
– O‘zbekiston AQSh kompaniyalaridan kichik modul yadroviy reaktorlar xarid qilishni ko‘rib chiqmoqda.
– Bu texnologiyalar mamlakat energetika tizimini barqaror va ekologik xavfsiz qilishga xizmat qiladi.
– Prezident Mirziyoyev ta’kidlashicha, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish elektr energiyasi narxini 15 foizga arzonlashtiradi va uni mintaqadagi eng arzonlardan biriga aylantiradi.
Sanoat va investitsiyalar
– Air Products (AQSh) Buxoro viloyatida metanol ishlab chiqaruvchi zavod qurish uchun 3 milliard dollargacha investitsiya kiritadi.
– Loyihada tabiiy gazni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Transport va aviatsiya
– Uzbekistan Airways 22 ta Boeing 787 Dreamliner samolyotini 8,5 milliard dollarlik shartnoma asosida xarid qiladi.
– Shuningdek, 2 milliard dollarlik qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolandi.
Avtomobil sanoati
– 5 milliard dollarlik avtomobil ehtiyot qismlari importi rejalashtirilgan.
– AQSh kompaniyalari UzAuto Motors’ning xususiylashtirish jarayonida ishtirok etadi.
Xavfsizlik sohasida hamkorlik
– Tomonlar xalqaro jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurash bo‘yicha kelishuvga erishdi.
– Huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida ma’lumot almashinuvi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
– AQShning maxsus texnik vositalari O‘zbekistonga yetkazib beriladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!