Jahon

ISHIDning Suriya prezidentiga qarshi ikki suiqasd rejasi fosh etildi

ISHIDning Suriya prezidentiga qarshi ikki suiqasd rejasi fosh etildi

Suriya rasmiylari ISHID jangarilari tomonidan prezident Ahmad ash-Shara’aga qarshi uyushtirilgan ikkita suiqasd rejasini fosh etganini ma’lum qildi. Rasmiylarga ko‘ra, bu urinishlar so‘nggi bir necha oy ichida aniqlangan. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.

Suiqasd tafsilotlari

Suriya xavfsizlik xizmati va Yaqin Sharqdagi yuqori martabali amaldorlar ma’lumotiga ko‘ra, jangarilar prezident ishtirok etadigan rasmiy tadbirlardan biriga hujum uyushtirishni rejalashtirgan.
Tafsilotlar xavfsizlik sabablari bois oshkor etilmagan.

Mamlakat Axborot vazirligi bu borada izoh bermagan, biroq ISHID hali ham Suriya va butun mintaqa uchun jiddiy xavfsizlik tahdidi bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan. Rasmiylarga ko‘ra, so‘nggi 10 oy ichida mamlakat bo‘ylab bir necha ibodat joylari va muhim obyektlarga rejalashtirilgan hujumlar oldi olingan.

Ash-Shara’a – AQSH bilan uchrashuv arafasida nishonga olingan

Suiqasd urinishlari Suriya AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilish arafasida fosh etilgan.
Prezident Ahmad ash-Shara’a 10-noyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashishi rejalashtirilgan — bu Suriya rahbarining AQSHga ilk rasmiy tashrifi bo‘ladi.

Ash-Shara’a 2024-yil dekabr oyida hokimiyatga kelgan bo‘lib, u sobiq prezident Bashar Asad hukumatini ag‘darishga boshchilik qilgan.
Yangi rahbar mamlakat tashqi siyosatini tubdan o‘zgartirib, Rossiya va Eron bilan ittifoqchilikdan voz kechgan hamda G‘arb va arab davlatlariga yaqinlashgan.

ISHIDga qarshi kurash davom etmoqda

Suriya Ichki ishlar vazirligi o‘tgan hafta dam olish kunlarida mamlakat bo‘ylab ISHIDga qarshi maxsus reyd o‘tkazgan. Natijada 70 dan ortiq shaxs qo‘lga olingan.
Rasmiylar bu amaliyot guruhning yangi hujumlarini oldini olish va razvedka tizimi ISHID ichiga kirib borgani isboti ekanini ta’kidlagan.

Ash-Shara’a hokimiyatga kelishidan avval “Hayot Tahrir ash-Shom” nomli guruhni boshqargan. U 2016-yilda “Al-Qoida” bilan aloqani uzgan va o‘n yildan ortiq vaqt davomida ISHIDga qarshi kurashib kelmoqda.

AQSH bilan hamkorlik kengaymoqda

So‘nggi oylar davomida Suriya hukumati va AQSH armiyasi ISHIDga qarshi amaliyotlarda faol hamkorlik qilmoqda.
Suriya rasmiy ravishda xalqaro koalitsiyaga qo‘shilgach, bu hamkorlik yanada kuchayishi kutilmoqda.

O‘tgan haftada AQSH armiyasi Damashqdagi harbiy aerodromda baza tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik boshlagani haqida ham xabar berilgan. Baza joylashuvi xavfsizlik sababli oshkor etilmagan.