Jinoyat

Ayol o’g’li bilan birlashib turmush o’rtog’ini o’ldirdi

Ayol o’g’li bilan birlashib turmush o’rtog’ini o’ldirdi

Toshkent shahrining Sergeli tumanida 54 yoshli erkak o‘z turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudida ushbu holat yuzasidan sud jarayoni yakunlandi.

Aniqlanishicha, Sergeli tumanida yashovchi Zarina Barnoyeva (ism-shariflar o‘zgartirilgan) turmush o‘rtog‘i Abror Ahrorovni o‘ldirish uchun avvaldan reja tuzgan. Qotillikni amalga oshirishda unga katta o‘g‘li Akmal ham yordam bergan.

Aytilishicha, oilada uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan nizolar va erning boshqa ayol bilan yaqin munosabatda bo‘lishi ayolni jinoyatga undagan.

Jinoyat tafsilotlari

2025-yil 12-iyul kuni kechqurun Zarina Barnoyeva, eri va o‘g‘li Toshkentdagi kafelardan birida ovqatlanib, spirtli ichimlik ichishgan. So‘ng ayol erini Sergelidagi uyiga olib qaytgan, o‘g‘lini esa oldindan kelishilganidek, alohida yashaydigan manziliga tashlab ketgan.

Eri mast holda uxlab qolgach, ayol yog‘och o‘qlov va elektr kabelini tayyorlab, jinoyat sodir etish uchun sharoit yaratgan. O‘g‘li uyga qaytgach, otasiga elektr toki urdirgan, keyin esa uni bo‘g‘ib o‘ldirgan. Shu payt ayol ham jarayonda ishtirok etgan va erining o‘limiga sababchi bo‘lgan.

Jasadni yashirish va fosh bo‘lish

Ona-bola erkakning jasadini Tracker rusumli avtomobilga ortib, Sergeli tumanining “Xalqobod” mahallasidan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanali bo‘yiga olib borib, qamishlar orasiga tashlab ketishgan.

Oradan ikki kun o‘tib, ayol Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, erining “bedarak yo‘qolganini” ma’lum qilgan. Tez orada o‘tkazilgan tergov harakatlari davomida qotillik fosh bo‘lgan.

Sud qarori

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi (sudya Oybek Qahhorov raisligida) ishni ko‘rib chiqib, sudlanuvchilarni aybdor deb topdi.
Zarina Barnoyeva 13 yilga,
o‘g‘li Akmal esa 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.