Madaniyat

O‘zbekiston Butunjahon turizm tashkilotida raislikni Saudiya Arabistoniga topshirdi

O‘zbekiston Butunjahon turizm tashkilotida raislikni Saudiya Arabistoniga topshirdi

7–11-noyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Butunjahon turizm tashkilotining (UN Tourism) 26-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirni O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi. U 2023-yil oktyabr oyida Samarqandda o‘tgan 25-sessiyada raislik qilgan mamlakat — O‘zbekiston nomidan so‘zga chiqdi.

Aziz Abduhakimov o‘z nutqida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turizm sohasiga bergan e’tiborini alohida ta’kidladi:

“Prezident Shavkat Mirziyoyev turizmni nafaqat iqtisodiyot tarmog‘i, balki O‘zbekistonni dunyoga, dunyoni esa O‘zbekiston uchun ochadigan vosita sifatida belgilab berdi. BMT Turizm tashkilotining 25-bosh assambleyasini tarixiy Samarqand shahrida o‘tkazish — Prezidentimiz tashabbusining muhim natijalaridan biridir”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakat turizm sohasida katta yutuqlarga erishgan: bugungi kunda 97 ta davlat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirish huquqiga ega (ilgari bu raqam 9 edi). Deyarli 50 ta xorijiy va 16 ta milliy aviakompaniya haftasiga 700 dan ortiq xalqaro reyslarni amalga oshirmoqda. Natijada xalqaro turistlar soni 2023-yilda 6,6 millionni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 10 milliondan oshdi. Joriy yilda esa 15 milliondan ortiq sayyohni qabul qilish maqsad qilingan.

Vazirning ta’kidlashicha, ortib borayotgan talabni qondirish uchun 8 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiyalar yo‘naltirilib, 22 ta yangi «Dreamliner» samolyoti xarid qilinmoqda. Shuningdek, Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda 2,5 milliard dollarlik yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi rejalashtirilgan. Bu loyiha Markaziy Osiyo havo transporti infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqadi.

Tadbirda ta’lim va innovatsiyalar masalasi ham muhim yo‘nalish sifatida e’tirof etildi. «UN Tourism» va Shveysariyaning «Les Roches» maktabi bilan hamkorlikda Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etilgan bo‘lib, u global turizm sohasining kelajak yetakchilarini tayyorlamoqda. O‘zbekistonning yangi Milliy turizm rivojlanish strategiyasi esa “Insonlar — Sayyora — Farovonlik” tamoyillariga asoslanadi.

“Biz BMT tomonidan 2027-yilni Barqaror turizm yili deb e’lon qilishga oid rezolyutsiya tashabbusini ilgari surganimizdan faxrlanamiz. O‘zbekiston, shuningdek, Xavfsiz turizm bo‘yicha xalqaro kodeks ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi va Hukumatlararo qo‘mitaga rais etib saylandi. Bu orqali ishonch, xavfsizlik va mas’uliyatning global standartlarini ilgari surmoqdamiz”, — dedi Abduhakimov.

Shuningdek, Butunjahon turizm tashkilotining Ipak yo‘li bo‘yicha tematik ofisi ochilgani qayd etilib, bu qadimiy yo‘lning bog‘liqlik va umumiy farovonlik ramzi sifatida qayta tiklanishiga xizmat qilayotgani aytildi.

Aziz Abduhakimov nutqini yakunlar ekan, turizm kelajagi to‘g‘risidagi Ar-Riyod deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatladi, sohada sun’iy intellektning rolini alohida ta’kidladi va Markaziy Osiyo hamda Yaqin Sharq o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.

Marosim yakunida Butunjahon turizm tashkilotida raislik rasmiy ravishda Saudiya Arabistoniga topshirildi.