Pokiston armiyasi Afg‘oniston bilan chegaradosh shimoli-g‘arbiy hududlarda o‘tkazilgan maxsus harbiy amaliyotlar chog‘ida “Tahriki Tolibon Pokiston” (TTP) guruhining 20 nafar jangarisini yo‘q qilganini ma’lum qildi. Bu haqda Pokiston harbiylarining bayonotiga tayanib, “Al Arabiya” xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 9-noyabr kuni Xayber-Paxtunxva provinsiyasining Shimoliy Vaziriston tumanida sakkiz, Doro Adam Xel tumanida esa 12 nafar jangari yo‘q qilingan. Har ikki hudud ilgari TTPning asosiy tayanch punktlaridan biri bo‘lgan.
Pokiston harbiylari yo‘q qilingan shaxslar “Xavorij”, ya’ni TTP jangarilari ekanini tasdiqlagan. Mazkur guruh AQSH va BMT tomonidan ham terrorchi tashkilot sifatida tan olingan.
Muzokaralar barbod bo‘ldi
Ushbu amaliyotlar Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan bir paytda amalga oshirilgan. Oktyabr oyida boshlangan taranglikdan so‘ng, o‘tgan hafta Istanbulda Qatar va Turkiya vositachiligida o‘tkazilgan tinchlik muzokaralari ham kelishuvsiz yakunlangan.
Islomobod Kobulni TTPga qarshi yetarli choralar ko‘rmayotganlikda ayblamoqda. Afg‘oniston hukumati esa bu ayblovlarni rad etib, Pokistonni “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan talablar qo‘yishda” ayblagan.
Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy 10-noyabr kuni shunday degan:
“Biz hech bir davlatga o‘z hududimizdan foydalanishga yo‘l bermaymiz. Pokiston bizga mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan shartlarni qo‘ymoqda.”
Chegaradagi ziddiyatlar kuchaymoqda
Ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat 9-oktyabr kuni Kobulga Pokiston dronlari zarba bergani ortidan kuchaygan. Keyingi kunlarda ham chegara hududlarida to‘qnashuvlar sodir bo‘lib, o‘nlab askar va tinch aholi halok bo‘lgan.
Qatar vositachiligida 19-oktyabr kuni sulh tuzilgan bo‘lsa-da, oradan ko‘p o‘tmay tomonlar bir-birini shartlarni buzishda ayblay boshlagan.
TTP faolligi ortmoqda
“Tahriki Tolibon Pokiston” 2021-yilda Afg‘oniston “Tolibon”i hokimiyatga qaytgach, yanada faol tus olgan. Guruh so‘nggi yillarda o‘nlab yirik hujumlar uchun javobgarlikni zimmasiga olgan va minglab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan.
Pokiston hukumati 2022-yilda TTP bilan qisqa muddatli sulhga erishgan edi. Biroq jangarilar uni buzib, Islomobod tomonidan qo‘yilgan shartlarni “bajarmagan” deb e’lon qilgan. Shundan so‘ng, Pokiston TTP bilan muzokaralarni to‘xtatgan va Kobuldan ularning yetakchilarini topshirishni talab qilgan.
Ekspertlar fikricha, TTP faolligining ortishi fonida Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar yanada sovuqlashishi mumkin.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!