Jinoyat

Qamoqdan chiqarish evaziga 60 ming dollar talab qilgan surxondaryolik advokat 10 yilga qamaldi

Qamoqdan chiqarish evaziga 60 ming dollar talab qilgan surxondaryolik advokat 10 yilga qamaldi

Surxondaryoda “jazoni yengillashtirish” va “qamoqdan chiqarish” evaziga mijozidan 60 ming AQSH dollari talab qilgan advokat jinoyat ustida qo‘lga olinib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Daryo” nashri sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Aniqlanishicha, Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat yurituvchi “SXM” advokatlik hay’ati advokati R.N., shu tumandagi IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan sudda ishi ko‘rilayotgan J.Q.ning akasi O.Ch.dan 60 ming dollar talab qilgan.

R.N. ushbu pullar evaziga tanishlari orqali ukasining jazosini “yengillashtirish”ni va’da qilgan.

Tezkor tadbir
2025-yil 11-iyul kuni DXX va prokuratura xodimlari tomonidan Jarqo‘rg‘on tumani “Surxon sohili” mahallasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokat 50 ming dollarni xizmat xonasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.

Sud jarayonida R.N. o‘zini oqlashga uringan holda, “faqat xizmat haqi sifatida 15 ming dollar so‘raganini” bildirgan.

Sud qarori
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tumani sudi R.N.ni quyidagi moddalar bo‘yicha aybli deb topdi:
JK 25, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik),
JK 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (pora berish).

Sud hukmiga ko‘ra, u 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi va 2 yil muddatga advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilindi.