O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Temur Kapadze o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali jamoa bilan xayrlashdi.
“Milliy jamoadagi faoliyatim nihoyasiga yetdi. Bu yillar hissiyotlar, g‘alabalar va unutilmas tajribalar bilan to‘la bo‘ldi. Futbolchilar, jamoa shtabi va federatsiyaga ishonch va hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiraman.
Ayniqsa, muxlislarga — doimiy qo‘llab-quvvatlov, energiya va jamoaga bo‘lgan ishonchi uchun katta rahmat.
Bu jamoaning bir qismi bo‘lganimdan faxrlanaman. Jamoaga kelgusidagi o‘yinlarda omad va yangi yutuqlar tilayman”, — deb yozdi Kapadze o‘zining Instagram sahifasida.
Murabbiylik faoliyati haqida
Avvalroq O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) 44 yoshli mutaxassis o‘z faoliyatini yangi bosqichda davom ettirish niyatida lavozimidan ozod etilishini so‘ragani va assotsiatsiya uning qarorini hurmat bilan qabul qilgani haqida ma’lum qilgandi.
Kapadze 2025-yilning yanvar oyidan 6-oktyabrga qadar O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqargan. Shu davrda u 9 ta uchrashuv o‘tkazib, 5 tasida g‘alaba, 4 tasida durang natijaga erishgan.
Keyinchalik Kapadze terma jamoaning amaldagi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro shtabida yordamchi sifatida faoliyat olib borgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!