Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning ma’lum qilishicha, Tehron shahridagi suv omborlarining sathi so‘nggi 60 yil ichida eng past darajaga tushgan. Bu holat mamlakat poytaxtida suv ta’minoti keskin tanqisligini va infratuzilmaning zaifligini ko‘rsatmoqda.
Tehronda kechalari suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatila boshlagan, ayrim tumanlarda esa cheklovlar allaqachon joriy etilgan. Suv omborlarida zaxira ba’zi hududlarda 10 foizdan ham kam qolgan. Bu nafaqat ichimlik suvi, balki gidroelektrostansiyalar faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Aholi so‘nggi olti yil davomida davom etayotgan qurg‘oqchilik oqibatlarini tobora kuchayib borayotganini sezmoqda.
Mutaxassislar suv inqirozining sabablari faqat iqlim o‘zgarishida emas, balki ilmiy ogohlantirishlarga e’tibor bermaslik, hamkorlikning sustligi va resurslarni noto‘g‘ri boshqarishda ekanini ta’kidlashmoqda. Shahid Abbospur nomidagi Suv va energetika universiteti bo‘lim boshlig‘i Ali Moridining fikricha, Eron suvni “cheksiz resurs” deb qabul qilgani uchun hozirgi inqiroz yuzaga kelgan.
Yil oxirigacha yomg‘ir yog‘masa, Tehron va uning atrofidagi markaziy hududlar yashash uchun yaroqsiz holga kelishi mumkin. Yerosti suvlarining kamayishi va tuproq sho‘rlanishi tufayli qishloq aholisi shaharlarga ko‘chmoqda, bu esa urbanizatsiya jarayonini tartibsizlashtirib, ijtimoiy muammolarni kuchaytirmoqda.
Eronning 80 foizdan ortiq suv resurslari qishloq xo‘jaligiga sarflanadi. Qurg‘oqchilik tufayli markaziy viloyatlardagi suv omborlari endilikda ishlamayapti, bu esa dehqonlar hayotiga jiddiy zarar yetkazmoqda.
Energetika vaziri Abbos Ali Obodiy aholiga suvni vannalarda zaxira qilishni tavsiya qilgan. Prezident Pezeshkiyon esa vaziyat o‘zgarmasa, Tehron aholisi vaqtincha ko‘chirilishi mumkinligini bildirgan. Hozircha ko‘chirish jarayonining qanday amalga oshirilishi haqida aniq ma’lumot berilmagan.
Eron Suv xo‘jaligi federatsiyasi rahbari Rizo Hoji Karimning so‘zlariga ko‘ra, bu inqirozning ildizi ilmiy ogohlantirishlarga e’tibor bermaslik, iqlim o‘zgarishi va yerosti suvlarining kamayishi bilan bog‘liq. “Biz suvni tugamaydigan resurs deb bildik, ammo endi haqiqat bizni majburlayapti”, — deydi Karim.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!