Siyosat

Gulira’no Qosimovaga oid sud jarayoni bu safar OAV ishtirokida o‘tkazildi

Gulira’no Qosimovaga oid sud jarayoni bu safar OAV ishtirokida o‘tkazildi

Farg‘ona viloyatining Quva tuman sudida Furqat tumani IIB sobiq boshlig‘i va uning o‘rinbosariga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisi 12-noyabr kuni davom ettirildi. Bu safargi jarayon ochiq tartibda o‘tkazilib, unda OAV vakillari va blogerlar, jumladan, “Daryo” nashri muxbiri ham ishtirok etdi.

Sud jarayonidagi murojaatlar

Majlis davomida sudlanuvchilarning advokatlari jabrlanuvchi Gulira’no Qosimova tomonidan avvalgi yopiq sud majlisi tafsilotlari ijtimoiy tarmoqlarda oshkor etilganini aytib, bunga chora ko‘rilishini so‘radi. Sudya bu so‘rovni rad etdi.

Gulira’no Qosimova esa suddan jarayonni foto va video tarzda yoritishga ruxsat so‘radi, biroq bu iltimosnoma ham rad etildi.

Guvohlar va videolavhalar

Sudda jabrlanuvchi va guvohlar yuzlashtirilib, ularning ko‘rsatmalari tinglandi. Shuningdek, advokatlar har ikki tomonga savollar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Sudning yopiq qismida esa ishga oid videolavha OAVsiz ko‘rib chiqildi. Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, ushbu videoning to‘liq nusxasi hozirgacha topilmagan.

Qosimovaning bayonoti

Sud tanaffusida Gulira’no Qosimova jurnalistlar bilan suhbatda bugungi jarayonning ochiq o‘tayotganidan mamnunligini bildirdi.

“Kurashaman, oxirigacha boraman, baribir. Bu jarayonlar tugagach, biroz tin olish haqida o‘ylab ko‘rishim mumkin. Chunki bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng o‘zimga kelishim uchun vaqt kerak”, — dedi u.

Keyingi majlis sanasi

Keyingi sud majlisi 2025-yil 14-noyabr sanasiga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Gulira’no Qosimova avvalroq Prezident Administratsiyasi va Oliy sudga murojaat qilib, sud majlislari adolatsiz o‘tayotganini bildirgan edi. Uning aytishicha, sudyaga e’tiroz bildirgani uchun uni sud zalidan chiqarib yuborishgan.