Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSHning Yuta shtatidan Devid Bednar boshchiligidagi biznes delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSH fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etish haqidagi qarori ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘lgani qayd etildi.
Saida Mirziyoyeva uchrashuvda O‘zbekiston rezidentlari endilikda AQSH hududida korxonalar tashkil etish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ma’lum qildi.
“Prezident farmoni bilan Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etildi. Uni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tuzilmasida maslahatchi-elchi lavozimi joriy etilmoqda. Shuningdek, ushbu farmon asosida O‘zbekiston rezidentlari o‘z bank hisobvaraqlaridagi mablag‘larni AQSHda korxonalar tashkil etish, ularning kapitalida ishtirok etish yoki filiallarini mablag‘ bilan to‘ldirish uchun erkin o‘tkaza oladilar,” — dedi Saida Mirziyoyeva.
Uning ta’kidlashicha, bu qaror tadbirkorlarning tashqi iqtisodiy faolligini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda O‘zbekistonning ochiq va zamonaviy iqtisodiyot sifatidagi yangi imijini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 12-noyabrdagi farmoniga muvofiq, Amerika—O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilgan. Ushbu tashabbus Prezidentning 2025-yil 4–6-noyabr kunlari AQSHga amalga oshirgan tashrifi davomida, “C5+1” sammiti doirasida erishilgan kelishuvlar natijasidir.
Kengashga O‘zbekiston tomonidan Saida Mirziyoyeva, AQSH tomonidan esa AQSH Prezidenti vakili hamraislik qiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!