Prezident Shavkat Mirziyoyevga temiryo‘l sohasidagi amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalarga oid taqdimot o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, temiryo‘l tarmog‘ida boshlangan transformatsiya o‘z samarasini bera boshlagan. Tarmoq o‘tgan yilni ilk bor sof foyda bilan yakunlagan bo‘lsa, 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida sof foyda 1 trillion so‘mdan oshgan. Shuningdek, tranzit, yo‘lovchi tashish, eksport va investitsiya ko‘rsatkichlarida o‘sish kuzatilmoqda.
Taqdimot davomida bu natijalar bilan chegaralanib qolmaslik, aholi soni va iqtisodiyot o‘sishiga mos ravishda transport xizmatlari sifatini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Sun’iy intellekt asosida xarajatlarni tahlil qilish va yo‘qotishlarni aniqlash orqali tannarxni 20 foizga yaqindan kamaytirish mumkinligi qayd etildi.
2026–2030-yillarga mo‘ljallangan rejalar
Kelgusi yillarda yo‘lovchi va yuk tashish hajmini kamida ikki barobarga oshirish rejalashtirilmoqda. Buning uchun:
- 151 km yangi temiryo‘l quriladi;
- 182 km yo‘l elektrlashtiriladi;
- 27 ta stansiya va 1 ming km yo‘l modernizatsiya qilinadi.
Jumladan, Nurafshon – Pskent – Bo‘ka – Bekobod – Boyovut – Yangiyer hamda Xovos – Dashtobod yo‘nalishlarida yangi elektrlashtirilgan temiryo‘llar barpo etiladi. Qumqo‘rg‘on – Quduqli, Samarqand – Urgut va Baytqo‘rg‘on – Parkent yo‘llarini elektrlashtirish ham rejalashtirilgan. Toshkent – Samarqand, To‘qimachi – Angren va Angren – Pop yo‘nalishlarining o‘tkazuvchanligi oshiriladi.
Shahar atrofi qatnovlarini rivojlantirish maqsadida mavjud 40 ta yo‘nalishga qo‘shimcha yana 15 ta yangi yo‘nalish ochilishi taklif qilindi. Ular orasida Toshkent – Nurafshon – Ohangaron – Angren, Navoiy – Zarafshon – Uchquduq, Qo‘qon – Namangan – Andijon – Marg‘ilon, Termiz – Qumqo‘rg‘on – Boysun – Darband, Nukus – Shovot – Urganch – Xiva kabi yo‘nalishlar bor.
Yangi poyezdlar, tezkor qatnovlar va texnika parki kengayishi
Yig‘ilishda yuqori tezlikdagi temiryo‘l tarmog‘ini kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Navoiy – Buxoro (102 km) liniyasini ishga tushirishni jadallashtirish topshirildi. Ushbu yo‘lning foydalanishga topshirilishi yuk va yo‘lovchi tashishdagi vaqt va xarajatlarni kamaytirishi kutilmoqda.
Shuningdek, yangi yo‘nalishlar uchun lokomotiv va vagonlar parkini kengaytirish rejalari taqdim qilindi. Xitoydan:
- 38 ta magistral lokomotiv,
- 50 ta manyovrli va gibrid manyovrli lokomotiv xarid qilinadi.
Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi bilan hamkorlikda 6 ta yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelinadi. Ulardan birinchisi kelasi yilda Toshkent – Urganch – Xiva yo‘nalishida qatnovni boshlashi rejalashtirilgan. Bu orqali yo‘l vaqti 14 soatdan 7,5 soatgacha qisqarishi mumkin.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!