Jamiyat

Sirdaryoda erkak bemor xotinini rashk qilib shifokorni kaltakladi

Sirdaryoda erkak bemor xotinini rashk qilib shifokorni kaltakladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryoda erkak bemor xotinini rashk qilib shifokorni kaltaklagani haqidagi video tarqaldi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi voqea yuzasidan izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, “102” orqali kelib tushgan chaqiruvda shifoxonaga ko‘rikka olib kelingan bemorning yaqinlari o‘rtasida janjal kelib chiqqan.

Profilaktika inspektorlari o‘rganish jarayonida aniqladiki, bemor ayolni turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li shifokor ko‘rigiga olib kelgan. Ko‘rik vaqtida navbatchi shifokor bemorni o‘tirishga yordamlashib, qorin sohasini tekshirayotgan paytda eri rashk tufayli shifokor bilan janjallashgan.

O‘tkazilgan tergov davomida shifokor sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan va tan jarohati yoki shikast izlari aniqlanmagan.

To‘plangan materiallar Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzaobod tuman sudida ko‘rib chiqilib, erkak Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 197 prim 7-moddasi (tibbiyot xodimining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish) talablarini buzgan deb topildi. Sud unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Shu bilan birga, oxirgi yillarda Toshkent tumanidagi xonadonlarga chaqiruv bilan borgan “Tez yordam” shifokorlari bilan ham o‘xshash hodisalar ro‘y bergani xabar qilingan.