AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni davom ettirayotgan davlatlarga nisbatan qat’iy sanksiyalar joriy etishni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.
Eron ham sanksiya qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida
Trampning aytishicha, AQSH Kongressi respublikachi a’zolari Rossiya bilan biznes yuritayotgan har qanday davlatga qarshi keskin choralarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Prezident bu ro‘yxatga Eron ham kiritilishi ehtimolini inkor etmadi.
“Men bu haqda eshitdim va bu meni qoniqtiradi. Respublikachilar Rossiya bilan biznes qilayotgan istalgan davlatga nisbatan nihoyatda qattiq sanksiyalarni taklif qilmoqda, ular Eronni ham qo‘shishi mumkin”, — dedi Tramp Palm-Bichdan Vashingtonga uchish oldidan jurnalistlar savollariga javoban.
Shuningdek, Trampning ta’kidlashicha, Eronga nisbatan cheklovlarni qonun loyihasiga kiritish tashabbusi aynan uning tomonidan ilgari surilgan.
Qonun loyihasi ikki partiyaviy guruh tomonidan ishlab chiqilgan
Mazkur tashabbus 2025-yil aprel oyi boshida senatorlar Lindsi Grem (respublikachi, Janubiy Karolina) va Richard Blyumental (demokrat, Konnektikut) tomonidan taqdim etilgan. Hujjat Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlik qilayotgan davlatlarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar joriy etilishini belgilaydi.
Senatorlar taklifiga ko‘ra:
-
Rossiyadan neft, gaz, uran va boshqa mahsulotlarni xarid qiluvchi davlatlardan
-
AQSHga import qilinadigan tovarlarga
-
500 foizgacha import bojlari qo‘yilishi mumkin.
Qonun loyihasi hali Kongressda muhokama jarayonida bo‘lib, uni qabul qilish xalqaro savdo munosabatlarida sezilarli o‘zgarishlarga olib kelishi kutilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!