AQSH prezidenti Donald Tramp 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchun chipta sotib olgan xorijiy muxlislarga viza suhbatlari tezlashtirilgan tartibda belgilanishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, chipta egalari odatdagi kutish muddatidan sezilarli darajada tez — olti-sakkiz hafta ichida suhbatga chaqirilishi mumkin.
Bu haqda Tramp FIFA vakillari bilan o‘tkazilgan JCH-2026ga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilgan.
Prezidentning ta’kidlashicha, muxlislar imkon qadar tezroq viza arizasini topshirishi tavsiya etiladi.
Shu bilan birga, AQSH davlat kotibi Marko Rubio tezlashtirilgan jarayon mamlakatga avtomatik kirish huquqini bermasligini eslatdi.
Rubio:
“Chiptangiz viza emas. U AQSHga kirishni kafolatlamaydi. U faqat suhbatni tezroq tayinlash imkonini beradi. Tekshiruvlar esa boshqa arizachilarnikidek davom etadi”, — dedi.
Arizalar oqimini boshqarish maqsadida Davlat departamenti dunyo bo‘ylab 400 dan ortiq qo‘shimcha konsullik xodimlarini yuborgan. Ba’zi elchixonalarda xodimlar soni ikki baravar oshgan. Masalan, Braziliya va Argentinada suhbatga tayinlanish muddati ilgari bir yildan oshgan bo‘lsa, hozir ikki oydan kam vaqtni tashkil qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHdan tashqarida yashovchi deyarli bir million kishi allaqachon JCH-2026 chiptalarini xarid qilgan. FIFA prezidenti Janni Infantinoning hisoblashicha, turnir uchun 6–7 milliongacha chipta sotilishi, AQSHga esa 5–10 million muxlis kelishi mumkin.
Tramp jahon chempionatini mamlakat uchun “hayotda bir marta beriladigan imkoniyat” deb atab, tadbirdan 30 milliard dollardan ortiq iqtisodiy daromad kutilayotganini qo‘shimcha qildi.
2026-yilgi mundial AQSH, Meksika va Kanada tomonidan birgalikda qabul qilinadi va u tarixda ilk bor 48 ta jamoa ishtirokida o‘tadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!