O‘zbekiston

Ekologiya qo‘mitasining vakolatlari nimalardan iborat?

Ekologiya qo‘mitasining vakolatlari nimalardan iborat?

Prezident Farmoniga ko‘ra, Ekologiya qo‘mitasi qulay ekologik holatni barqaror saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, o‘rmonlarni ko‘paytirish, global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va cho‘llanishga qarshi kurashish sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organ hisoblanadi.

Qo‘mita quyidagi umummilliy loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi:
— chiqindilarni qayta ishlash va ular bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan “Chiqindidan xoli hudud” umummilliy loyihasi;
— atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasi;
— 2028 yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi;
— aholi orasida eko-odatlarni shakllantirish va ekologik turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi;
— bioxilma-xillikni kelajak avlod uchun asrashga qaratilgan “Bio meros” umummilliy loyihasi.

Davlat tashkilotlari va mansabdorlarning Qo‘mita faoliyatiga aralashishi taqiqlanadi

Prezident Farmoniga ko‘ra, Ekologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisob beradi.

Qo‘mita o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari va tashkilotlaridan, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda uning faoliyatiga aralashish taqiqlanadi.

Ekologiya qo‘mitasi raisi Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi

Ekologiya qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi rahbarlik qiladi. Bu Prezident Farmonida alohida belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyot rivojlantirish agentligi o‘z faoliyatini Ekologiya qo‘mitasi huzurida davom ettiradi.

Ekologik nazorat kuchaytiriladi

Prezident Farmoniga ko‘ra, 2026 yil 1 aprelidan boshlab ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi.

Bunda moliyaviy sanksiyalar (jarimalar) faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanadi. Shu bilan birga, bir xil huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llangan yuridik shaxslarning xodimlariga ma’muriy jazo choralari qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish olish va jarimani to‘lash, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxsni Ekologiya qo‘mitasining qarorini bajarish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlardan ozod etmaydi.