Jamiyat

Toshkent shahrida IIB xodimlari 233 ming dollar kriptoaktivni o‘zlashtirdi

Toshkent shahrida IIB xodimlari 233 ming dollar kriptoaktivni o‘zlashtirdi

Toshkent shahrida 8 nafar ichki ishlar organlari xodimi fuqarolardan biri – dasturchi M.Q.ning 233 ming dollarga teng kriptoaktivlarini zo‘rlik ishlatib tortib olgani ma’lum bo‘ldi. Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari ikki fuqaroni ichki ishlar binosiga olib kelib, ularni qiynoqqa solish orqali elektron hamyonidagi mablag‘larni o‘zlariga tegishli boshqa hamyonga o‘tkazishgan. So‘ng mablag‘larni naqdlashtirib, o‘zaro bo‘lishib olishgan. Tintuv vaqtida xodimlarning uy va xizmat xonalaridan jami 170 ming dollardan ortiq pul va giyohvand moddalar topilgan.

Bu haqda KUN.UZ manbasi xabar berdi.

Voqea 2024-yil 26-iyun kuni Mirobod tumanidagi “Fistik” kafesida sodir bo‘lgan. M.Q. tushlik qilayotgan paytda unga tanish bo‘lmagan shaxslar xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, Toshkent shahar IIBB binosiga olib ketgan. Ichki ishlar binosida uni O‘tkir Umrqulov, Jalol Xayrullayev va Anvar Po‘latov so‘roq qilgan va tanishi Javlon Ahmedov orqali uning elektron hamyonidagi 3 ming Monero kriptovalutani talab qilgan.

So‘ng mablag‘lar Javlon Ahmedovning hamyoniga o‘tkazilgan va naqdlashtirilgan. Olingan pullar tezkor xodimlar va ularning sheriklari o‘rtasida bo‘linib berilgan.

2025-yil 27-mayda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudi xodimlarni jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topdi va ular:

  • O‘tkir Umrqulov va Jalol Xayrullayev 11 yil,
  • Anvar Po‘latov 11 yil + giyohvandlikdan davolanish,
  • Serikbay Kulanov va Javlon Ahmedov 10 yil,
  • Sardor Nabiyev 4 yil,
  • Maqsud Nazarov, Aqjigit Pirmentayev va Kamoliddin Beknazarov 2 yil 1 oy 6 kun muddatga jazoga tortildi.

Shuningdek, barcha xodimlar 2 yil davomida ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi. Jinoyat bilan bog‘liq 170 127 dollar davlat hisobiga o‘tkazildi, qo‘shimcha 60 873 dollar esa xodimlardan solidar tartibda undirildi.