Jamiyat

O‘zbekistonda ayrim yoshlarning OTMda va haydovchilikka o‘qish xarajatlari qoplab beriladi

O‘zbekistonda ayrim yoshlarning OTMda va haydovchilikka o‘qish xarajatlari qoplab beriladi

2026-yil 1-fevraldan O‘zbekistonda “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtiriladi. Adliya vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga bir qator imtiyozlar beriladi.

20-noyabr kuni imzolangan Prezident farmoniga ko‘ra, ushbu toifadagi yoshlarga kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun to‘lanadigan kontrakt summasining 50 foizigacha bo‘lgan qismi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi. To‘lov miqdori bir o‘quv yili uchun BHMning 50 baravaridan oshmasligi belgilangan.

Shuningdek, jamg‘arma orqali kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan yoshlarga haydovchilik kurslari xarajatlarini qoplash bo‘yicha subsidiya ajratiladi. Bu haydovchilik guvohnomasining “A”, “B”, “D” va “D, E” toifalarini olish uchun mo‘ljallangan.

Farmonga ko‘ra, ushbu toifadagi yoshlarga safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etiladi hamda avval amal qilgan subsidiya ajratish tizimi bekor qilinadi.

Bir shaxs bir yil davomida turli ijtimoiy yordam turlaridan ko‘pi bilan ikki marta foydalanishi mumkin.

2026-yil 1-fevraldan boshlab, ijtimoiy shartnoma shartlarini kamida 6 oy davomida yuqori darajada bajargan yoshlarni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ular navbatdan tashqari ijtimoiy yordam bilan ta’minlanadi, eng faol 1 000 nafar yosh har yili BHMning 3 baravari (1 236 000 so‘m) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Shuningdek, ularning tashabbuskorligi va faolligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mukofotlar uchun tavsiya etiladi.