Rossiya AQSH tomonidan ishlab chiqilgan 28 banddan iborat tinchlik rejasiga nisbatan Yevropa Ittifoqi taqdim etgan muqobil taklifni konstruktiv emas deb baholadi. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalistlarga ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Vashington ishlab chiqqan rejaning bir qator bandlari Moskva uchun maqbul bo‘lsa-da, barcha takliflar bo‘yicha kelishuvga erishish mumkin emas. Ba’zi punktlar esa qo‘shimcha muzokaralarni talab qiladi.
“Yevropaning rejasi, bir qarashda, mutlaqo konstruktiv emas va Moskva uchun ish bermaydi”, — dedi Ushakov.
AQSH rejasining asosiy bandlari
AQSHning 28 banddan iborat tinchlik konsepsiyasida quyidagilar nazarda tutiladi:
-
Ukraina NATOga qo‘shilishdan voz kechadi;
-
Ukraina qo‘shinlari Donetsk viloyatining ayrim hududlaridan olib chiqiladi;
-
Hududda qurolsizlantirilgan bufer zona tashkil etiladi;
-
Qrim, Lugansk va Donetsk de-fakto Rossiya hududlari sifatida tan olinadi.
Yevropa Ittifoqining muqobil taklifi
AQSH rejasiga javoban Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen YIning urushni to‘xtatishga qaratilgan muqobil rejasi ustida ishlagan. Unda quyidagi tamoyillar aks etgan:
-
chegaralar kuch bilan o‘zgartirilmasligi;
-
Ukraina Qurolli kuchlari faoliyatiga cheklovlar qo‘yilmasligi;
-
Yevropa Ittifoqi tinchlik jarayonida asosiy rol o‘ynashi;
-
Ukrainaning NATOga kirishi alyans a’zolarining konsensusiga bog‘liq bo‘lishi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!