Belgiyada 26-noyabr kuni o‘tkazilgan umummilliy ish tashlashning uchinchi va so‘nggi kuni mamlakat bo‘ylab aviaqatnovlar, maktablar va jamoat transporti faoliyatida katta uzilishlarga sabab bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Hukumat islohotlariga qarshi norozilik
Yirik kasaba uyushmalari tomonidan tashkil etilgan ish tashlash Bosh vazir Bart De Vever boshchiligidagi hukumat tomonidan taklif etilayotgan pensiya va mehnat bozori islohotlariga qarshi yo‘naltirilgan.
ABVV–FGTB sotsialistlar uyushmasi o‘z bayonotida quyidagilarni ma’lum qildi:
“De Vever hukumatining byudjet rejasi haddan tashqari keskin. Ular pensiya, sog‘liqni saqlash va xarid qobiliyati hisobiga ko‘proq va uzoqroq ishlashni taklif etmoqda”.
Aeroportlar faoliyatida jiddiy uzilishlar
Ish tashlashning so‘nggi kuni aviasohada eng katta oqibatlarga olib keldi. Bryussel aeroporti barcha uchib ketish reyslarini, shuningdek, mamlakatga kelishi rejalashtirilgan 203 ta reysning 110 tasini bekor qilgan. Sharlerua aeroporti ham xodimlar yetishmasligi sababli jiddiy uzilishlar bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Ta’lim va transport tizimida uzilishlar
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ish tashlash maktablar, jamoat transporti va xususiy sektor faoliyatiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan. Poytaxt Bryusselda 26-noyabr kuni tushdan keyin yirik norozilik namoyishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan shunga o‘xshash namoyishda 80 mingga yaqin ishtirokchi qatnashgan edi.
Byudjet taqchilligi va yangi soliqlar
Hukumat bir necha oy davomida davom etgan muzokaralardan so‘ng, 24-noyabr kuni kelgusi yilgi byudjet bo‘yicha kelishuvga erishdi. Biroq bu ish tashlashning oldini ola olmadi. Rejalarga ko‘ra, banklar uchun yangi soliq joriy etilishi, shuningdek, aviachiptalar va tabiiy gazga soliq stavkalari oshirilishi kutilmoqda. Xarajatlarni qisqartirish bilan birga, ushbu choralar taqchillikni 2029-yilga qadar 9,2 milliard yevroga kamaytirishi rejalashtirilgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, Yevro hududidagi oltinchi yirik iqtisodiyot bo‘lgan Belgiyada byudjet taqchilligi bu yil YaIMning 4,5 foiziga, davlat qarzi esa 104,7 foiziga yetishi kutilmoqda — bu ko‘rsatkichlar Yevropa Ittifoqi me’yorlaridan ancha yuqori.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!