Havo tozalagichlar narxi nega pasaymadi? — Prezident imtiyoziga qaramay bozordagi holat o’sha o’sha, bunga sabab nima? Demokrat.uz jurnalistlari vaziyatni o’rganish uchun Toshkentdagi ayrim bozorlarga borib, narxlar bilan qiziqdi.
O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda havoning ifloslanishi kuchaygani sabab havo tozalagichlarga talab keskin ortdi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida Prezident farmoni bilan ushbu uskunalarni import qilishdagi bojxona bojlari bekor qilindi. Bu qaror narxlarning arzonlashishiga olib kelishi kerak edi, ammo amaliyotda buning aksi kuzatildi — bozorda narxlar pasaygani yo‘q.
Mutaxassislar fikricha birinchidan, talab oshgani sari ayrim tadbirkorlar vaziyatdan foydalanib, narxni sun’iy yuqori ushlab turibdi. Ikkinchidan, bozorda raqobat yetarli emas, yirik importyorlar narx siyosatini o‘zaro belgilab olmoqda. Uchinchidan, bojxona boji bekor qilingani narx shakllanishida real aks etmagan — ya’ni imtiyoz foyda sifatida sotuvchilarda qolgan.
Natijada davlat aholining sog‘lig‘ini himoya qilish uchun yaratgan imkoniyatdan ko‘zlangan natija chiqmayapti. Aholi esa toza havo uchun mo‘ljallangan uskunalarni hanuz qimmat narxda sotib olishga majbur.
Vaziyatni yaxshilash uchun narxlar ustidan monitoringni kuchaytirish, bozorni tartibga solish va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish zarur, degan fikrda mutasaddilar. Aks holda, bojxona imtiyozi odamlar hayotida ko‘zlangan darajada ijobiy o‘zgarish yasamaydi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!