Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida mahkum vafot etgani haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga mos kelmaydi. Bu haqda viloyat prokuraturasi ma’lumot berdi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, 23-noyabr kuni jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Sh.S.ning sog‘lig‘ida o‘zgarish kuzatilgan va unga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Uning vafot etgani haqidagi xabarlar asossiz ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaat yuzasidan Navoiy maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv har tomonlama va xolisona o‘tkazilishi, natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi bildirilgan.
Bundan avval IIV Jazoni ijro etish departamentining Olmaliqdagi 14-sonli koloniyasida jazo o‘tayotgan 21 yoshli mahkum vafot etgani haqida xabar berilgandi. Ushbu holat yuzasidan ham Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasida ham mahkumning vafot etgani ma’lum qilingan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!