Jamiyat

Xorijda stajirovka: “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali mutaxassislarni yuborish tartibi belgilandi

Xorijda stajirovka: “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali mutaxassislarni yuborish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan maqsadli stajirovka tashkil etish tartibini belgilovchi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, stajirovkaga yuboriladigan nomzodlarni saralash jarayoni Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Buyurtmachi tashkilotlar har yili 10-noyabrgacha kadrlar ehtiyoji bo‘yicha ma’lumotlarni Agentlikka taqdim etadi. Jamg‘arma Boshqaruv kengashi esa 15-yanvargacha stajirovka dasturining xorijiy davlatlar bo‘yicha kvotalarini tasdiqlaydi.

Nomzodlar ro‘yxatini shakllantirishda bir qator talablar inobatga olinadi:

  • tanlangan yo‘nalish bo‘yicha kamida uch yillik ish tajribasiga ega bo‘lish;
  • oxirgi 12 oy davomida ayni sohada faoliyat yuritgan bo‘lish;
  • davlat tilini bilish;
  • stajirovka rejalashtirilgan xorijiy tashkilotdan shartsiz taklifnomaga ega bo‘lish.

Saralash jarayoni test sinovlari va suhbatdan iborat bo‘lib, testdan 71 foiz va undan yuqori natija olganlar suhbatga taklif etiladi.

G‘oliblar “El-yurt umidi” jamg‘armasi, agentlik, buyurtmachi tashkilot va moliyaviy kafillar bilan shartnoma tuzadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning yetakchi oliygohlarida hozirda ikki mingdan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar tahsil olmoqda. Ularning 750 nafari “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali davlat hisobidan o‘qiyotgani bildirilgan.