Jahon

Kanada Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qildi

Kanada Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qildi

Kanada 5-dekabr kuni Suriyani “terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarib, “Hay’at Tahrir ash-Shom” (HTSH) guruhining “terrorchi tashkilot” maqomini bekor qildi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Kanada Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, ushbu qarorlar ittifoqchilar — Buyuk Britaniya va AQSHning yaqinda qabul qilgan tashabbuslari bilan uyg‘un holda qabul qilingan.

“Sanksiyalarning olib tashlanishi Suriya muvaqqat hukumatining mamlakat barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha qilayotgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Sanksiyalar tarixi

Kanada 2012-yilda sobiq prezident Bashar Asad tinch norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirgach, Suriyani “terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlat” sifatida ro‘yxatga kiritgan va sanksiyalar joriy qilgandi. Aynan o‘sha voqealar mamlakatda davom etayotgan fuqarolar urushiga turtki bo‘lgan.

Bundan avval AQSH, Buyuk Britaniya va BMT Suriyaning amaldagi muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara’aga nisbatan sanksiyalarni bekor qilganini e’lon qilgandi.

HTSHning yangi maqomi

HTSH avval “Al-Qoida” bilan bog‘liqligi sababli xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lgan. G‘arb davlatlari esa yangi Suriya hukumati bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida guruhni bosqichma-bosqich sanksiya ro‘yxatlaridan chiqarishni boshlagan.

Yangi rahbariyat hokimiyatga kelgach, mamlakatni o‘tmishdagi siyosatdan uzoqlashtirish va ichki hamda tashqi siyosatda mo‘tadillikni namoyon etishga urinmoqda.

Kimlarga nisbatan sanksiyalar saqlanib qoladi?

Kanada Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, Ottava Bashar Asadning oila a’zolari va uning ma’muriyati tarkibidagi sobiq amaldorlar — jami 56 nafar shaxsga nisbatan cheklovlarni saqlab qoladi.