Andijon viloyatining Shahrixon tumanida o‘tkazilgan ekoreyd vaqtida buzib tashlangan bir dona tandir xarajati tuman hokimi tomonidan qoplab berilgan.
Razzaqovning aytishicha, havo ifloslanishining oldini olish maqsadida tuzilgan ishchi guruh reyd davomida yo‘l chetidagi noqonuniy qurilma sifatida baholangan bitta tandirni buzgan, yana ikki tandir esa ichkariga kiritilib, hozirda ishlatilmoqda.
“Tadbir vaqtida bitta tandir buzib tashlangan. Ikkita tandir ichkariga olib kirib qo‘yilgan, hozir ular ishlatilyapti. Buzilgan tandir pulini hokim o‘z yonidan to‘lab berdi”, — dedi Raxmatillo Razzaqov.
Biroq hokimlik rasmiy sahifalarida tarqatilgan va keyinchalik o‘chirib yuborilgan videoda uchta turli ko‘rinishdagi tandir buzilgani aks etgan. Tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng tuman hokimiga intizomiy jazo choralari qo‘llanib, hayfsan berilgani ma’lum qilingandi. Hokimlikning avvalgi xabarida reydlar Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov topshirig‘i bilan tunu kun o‘tkazilayotgani aytilgan.
Ekoreydlar ortidan prezident huzuridagi biznes ombudsman tadbirkorlarning mulkiy huquqlarini himoya qilish zarurligini eslatib, noqonuniy buzilishlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Ma’lumot uchun, Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonov 2017-yildan buyon tuman rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Avvalroq ekologiya inspektoriga kuch ishlatgani uchun Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari ishdan olingani xabar qilingandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!