Prezident Shavkat Mirziyoyev Qurolli kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi.

Davlat rahbari murojaat avvalida vatan oldidagi yigitlik burchini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan qahramonlarning xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirdi.

“Ushbu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini Vatan himoyasidek g‘oyat sharafli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan, harbiy qasamyodiga sodiq qolib, mamlakatimiz mustaqilligi va hududiy yaxlitligini ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgan ona yurt posbonlariga yana bir bor yuksak hurmat va ehtirom bildiramiz”, — dedi u.

“Biz sizlarni buyuk ajdodlarimiz an’analarining shonli davomchilari deb bilamiz va sizlardek Vatanga fidoyi, dushmanga shafqatsiz, jangovar saflarda doimo hushyor va kurashga shay bo‘lgan azmu shijoat sohiblari bilan haqli ravishda faxrlanamiz”, — deya ta’kidladi prezident.

Shavkat Mirziyoyev shunday farzandlarni tarbiyalab bergan ota-onalarga, harbiy xizmat davomida barcha quvonch va tashvishlarni ular bilan baham ko‘rib kelayotgan oila a’zolariga o‘zimning samimiy minnatdorligini izhor etdi.

 

Uning aytishicha, shaxsiy tarkibning tayyorgarlik darajasi, harbiy xizmatchilarning kasbiy, intellektual va ma’naviy salohiyati izchil yuksaltirib borilmoqda, Qurolli Kuchlar zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda.

“Hozirgi vaqtda dunyoning siyosiy va harbiy xaritasida qanday shiddatli o‘zgarishlar yuz berayotganini barchamiz ko‘rib, anglab turibmiz. Turli mintaqalarda geosiyosiy vaziyat tobora murakkablashib, ziddiyat va qonli to‘qnashuvlar kuchaymoqda. Zamonaviy texnologiyalar, yangi avlod qurol-yarog‘lari paydo bo‘lmoqda, jangovar harakatlar olib borishning strategiya va taktikasi yanada takomillashmoqda. Mavjud vaziyatni hisobga olgan holda, biz kelgusida jang va boshqaruv usullarini zamon talablari asosida yangilaymiz, yuqori malakali harbiy kadrlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratamiz”, — dedi u.

“Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi va jismoniy tayyorgarligini muntazam oshirib borish, ularning qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Chunki har qanday kurashning taqdirini shaxsiy tarkibning bilim va malakasi, iroda va qat’iyati, o‘ziga bo‘lgan ishonchi, mardona fazilatlari hal qiladi”, — deya qayd etdi Mirziyoyev.

U milliy armiyani zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika, jumladan, sun’iy intellekt asosida robotlashtirilgan majmualar bilan ta’minlash, qo‘shinlarni boshqarish hamda qaror qabul qilish jarayonlariga ilg‘or axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish ham doimo e’tibor markazida bo‘lishini bildirdi.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga doir ishlar kuchaytiriladi. Bu borada davlat va fuqarolik institutlari hamda keng jamoatchilikning faol ishtirok etishiga alohida ahamiyat qaratiladi.

“Har bir harbiy xizmatchi xalq bilan armiya — bir tanu bir jon ekanini, uning ortida 38 millionlik xalq tog‘dek tayanch bo‘lib turganini doimo his etishi, shundan cheksiz kuch, ruh va madad olishi kerak. G‘ayrat-shijoatda tengsiz bo‘lgan harbiylarimiz yovlar oldida hech qachon bosh egmagan qo‘rqmas va o‘tyurak ajdodlarimizning o‘lmas merosini o‘rganib, ulardan ibrat va saboq olib, Vatan oldidagi muqaddas burchini bundan buyon ham sharaf bilan ado etadilar, deb ishonaman”, — deya ta’kidladi O‘zbekiston rahbari.