Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen Vashingtonda AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuvdan so‘ng tomonlarning Grenlandiya bo‘yicha pozitsiyalari “tubdan farq qilishini” bildirdi. Muammoga yechim topish uchun yuqori darajadagi ishchi guruh tuzilishi kutilmoqda.
Grenlandiya masalasida Daniya va AQSh “tubdan farq qiluvchi pozitsiyalar”ni egallamoqda. Bu haqda Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen 14 yanvar, chorshanba kuni kechqurun Vashingtonda AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio bilan o‘tkazilgan muzokaralardan keyin ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Daniya vaziri ushbu sohada AQShni o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorlikka chaqirdi. Uning aytishicha, murosa imkoniyatlarini aniqlash uchun yuqori darajadagi ishchi guruh tuzishga kelishib olingan. Bu ishchi guruh, bir tomondan, AQSh milliy xavfsizligi manfaatlarini inobatga olishi, ikkinchi tomondan esa Daniya qirolligining “qizil chiziqlari” kesib o‘tilmasligini ta’minlashi lozim. Kutilishicha, mazkur ishchi guruhning ilk uchrashuvi bir necha hafta ichida o‘tkaziladi.
Muzokaralarda ishtirok etgan Grenlandiya tashqi ishlar vaziri Vivian Motsfeldt ham Vashington bilan hamkorlikni kuchaytirish istagini bildirgan, ammo Grenlandiya AQShga tegishli bo‘lishini xohlamasligini ta’kidlagan.
AQSh, Daniya va Grenlandiya vakillarining muloqoti Oq uy yonida joylashgan hukumat binosida bo‘lib o‘tgan va taxminan bir soat davom etgan. Dpa agentligi eslatishicha, ushbu uchrashuv boshlanishidan oldin AQSh prezidenti Donald Tramp “o‘z talablaridan bir millimetr ham chekinmasligi”ni anglatgan.
Trampning fikricha, Grenlandiya AQSh milliy xavfsizligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega — xususan, “Oltin gumbaz” (Golden Dome) havo hujumidan mudofaa tizimi ishlashi nuqtai nazaridan. Shuningdek, u Arktika mintaqasi xavfsizligi uchun ham muhim, chunki Tramp aytganidek, bu hududda Rossiya va Xitoy faolligi kuchaygan.
Avvalroq AQSh prezidenti Vashington Daniyaning avtonom hududi bo‘lgan Grenlandiya ustidan nazoratni “har qanday yo‘l bilan” olishi kerakligini aytgan. Oq uy esa Donald Tramp uchun oliy bosh qo‘mondon sifatida Grenlandiyani “qo‘shib olish” masalasida AQSh armiyasini ishga solish “variantlardan biri” ekanini ma’lum qilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!