Jahon

Germaniya va NATOning yana ikki davlati Grenlandiyaga harbiylarini yuboradi

Germaniya va NATOning yana ikki davlati Grenlandiyaga harbiylarini yuboradi

Germaniya, Shvetsiya va Norvegiya 15–17 yanvar kunlari Grenlandiyaga razvedka missiyasi doirasida harbiy xizmatchilarni jo‘natadi. Berlinda ta’kidlanishicha, missiyaning maqsadi – mintaqada xavfsizlikni ta’minlash uchun Daniyani qo‘llab-quvvatlashning ehtimoliy yo‘llarini o‘rganish.

NATOga a’zo uch davlat — Germaniya, Shvetsiya va Norvegiya AQShning Arktikadagi orolga nisbatan da’volari fonida Grenlandiyaga o‘z harbiy xizmatchilarini yubormoqda. Reuters agentligiga 14 yanvar, chorshanba kuni Germaniya hukumati vakili: “Germaniya ertaga Grenlandiyaga razvedka kuchlari sifatida o‘nlab askarni yuboradi”, — deb ma’lum qildi.

Germaniya Mudofaa vazirligi avvalroq xabar berishicha, Daniyaning taklifiga ko‘ra razvedka missiyasi 15–17 yanvar kunlari o‘tkaziladi. Vazirlik buning maqsadi “Daniyani mintaqada xavfsizlikni ta’minlashda qo‘llab-quvvatlash uchun harbiy ishtirok imkoniyatlarini, masalan, dengiz kuzatuvi sohasidagi variantlarni o‘rganish” ekanini tushuntirgan.

Germaniyadan missiyada 13 nafar harbiy xizmatchi qatnashadi: ular 15 yanvar ertalab Airbus A400M transport samolyoti bortida Grenlandiya poytaxti Nuukka yo‘l oladi. Norvegiya Oslo tomonidan ikki nafar askar yuborilishini mudofaa vaziri Tore Sandvik ma’lum qildi. Shvetsiyadan esa orolga bir necha ofitserlar keladi, dedi mamlakat bosh vaziri Ulf Kristersson.

Bild tabloidi qayd etishicha, ushbu missiyani Daniya muvofiqlashtirmoqda, bu esa operatsiya AQSh bilan kelishilmagan holda o‘tkazilayotganini anglatadi. Chunki so‘nggi kunlarda AQSh rahbariyati orolga nisbatan hududiy da’volar haqida yana qayta gapira boshlagan.

14 yanvar kuni Daniya va AQSh Arktikadagi orol maqomi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuvdan so‘ng Grenlandiya masalasida tomonlar “tubdan farq qiluvchi pozitsiyalar”ni egallashini aytgan.

O‘z navbatida, muzokaralarda qatnashgan Grenlandiya tashqi ishlar vaziri Vivian Motsfeldt Oq uy bilan hamkorlikni kuchaytirishni istashini, biroq Grenlandiya AQShga tegishli bo‘lishini xohlamasligini bildirgan. Uchrashuv Vashingtonda bo‘lib o‘tgan.

Grenlandiya — Daniyaning avtonom hududi bo‘lib, NATO tarkibiga ham kiradi. AQSh prezidenti Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiya AQSh milliy xavfsizligi, shuningdek Rossiya va Xitoy faolligi oshgan Arktika mintaqasi xavfsizligi uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Avvalroq Tramp Vashington Grenlandiya ustidan nazoratni “har qanday yo‘l bilan” olishi kerakligini aytgan. Oq uy esa Donald Tramp uchun oliy bosh qo‘mondon sifatida Grenlandiyani “qo‘shib olish” masalasida AQSh armiyasini ishga solish “variantlardan biri” ekanini ma’lum qilgan.