Toshkentda bir kunda 3,5 tonna non mahsulotlari chiqindiga chiqarilmoqda. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yilda Toshkent shahrida 1,1 million tonna chiqindi yig‘ib olingan. Hozirgi kunda poytaxtda chiqindi bo‘yicha abonentlar soni 755 mingtani tashkil etadi. Toshkent aholisining ko‘rsatilgan xizmatlar uchun hisoblangan qarzdorligi 19 mlrd 919 mln so‘mdan iborat.
Tahlillarga ko‘ra, bir kunda Toshkentda 3000−3500 tonna chiqindi yig‘ib olinadi. Uning 0,1 foizi, ya’ni 3−3,5 tonnasi non va oziq-ovqat mahsulotlari hisoblanadi.
“Agentlik tomonidan olib borilgan tashviqot-targ‘ibot ishlari natijasida hozirgi vaqtda non va oziq-ovqat mahsulotlarining chiqindi sifatida tashlanishi ancha kamaygan. Ular uchun hamma chiqindi yig‘ish shaxobchalariga alohida konteynerlar qo‘yilgan. Aholi tomonidan bir kunda olib chiqiladigan jami chiqindi miqdorining 0,1 foizini non va oziq-ovqat mahsulotlari tashkil qiladi”, — deyiladi agentlik axborotida.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda “Maxsustrans” ishlab chiqarish boshqarmasi bosh inspektori Ismoil Sagdullayev Toshkentda har kuni 3 tonnaga yaqin non mahsulotlari axlatga tashlanishini aytgandi. U non va oziq-ovqat mahsulotlarini yildan-yilga chiqindiga tashlash holatlari ortib borayotganini ta’kidlagan.
2022-yil aprel oyida esa Adliya vazirligi poytaxtda har kuni 2 tonna non mahsulotlari axlatga tashlanishini ma’lum qilgandi.