Rossiyada WhatsApp 2026 yilda to‘liq bloklanadi, deb hisoblaydi Davlat dumasining axborot siyosati, axborot texnologiyalari va aloqa qo‘mitasi rahbari Andrey Svinsov. U bu chorani bo‘lajak saylovlar fonida “butunlay asosli” deb atadi.
WhatsApp messenjeri Rossiyada 2026 yilda to‘liq bloklanishi mumkin, deb hisoblaydi Davlat dumasining axborot siyosati, axborot texnologiyalari va aloqa qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Andrey Svinsov. Uning so‘zlarini 15 yanvar, payshanba kuni TASS davlat axborot agentligi keltirdi.
“Menimcha, yil oxirigacha Roskomnadzor WhatsApp’ni yakuniy bloklash uchun kompleks choralar ko‘radi. Bu WhatsApp Rossiyada ekstremistik deb tan olingan Meta kompaniyasiga tegishli ekani bilan bog‘liq. Bunday qattiq choralar, ayniqsa saylovoldi yilida, mutlaqo asosli”, — dedi deputat.
Ehtimol, Svinsov sentabr oyida o‘tkaziladigan saylovlarni nazarda tutgan. U saylovlar natijasida yangi Davlat dumasi deputatlari, Rossiyaning 10 ta sub’yekti rahbarlari va 38 ta sub’yektda qonun chiqaruvchi organ deputatlari tayinlanadi.
15 yanvar kuni Roskomnadzor ham messenjer bo‘yicha vaziyatni izohladi. Idorada hozircha “WhatsApp ishiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish uchun asos ko‘rilmayapti”, deb bildirildi.
Avgust oyidan beri Rossiyada WhatsApp va Telegram ishi faol ravishda cheklanmoqda. O‘shandayoq ko‘plab foydalanuvchilar uchun ushbu servislar orqali qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati yo‘qolgan.
Hokimiyatlar bu cheklovlarni messenjerlar “pul undirishga majburlash, fuqarolarni diversiya va terroristik faoliyatga jalb qilish uchun platforma bo‘lib xizmat qilayotgani” bilan izohlagan.
28 noyabr kuni Roskomnadzor WhatsApp Rossiya qonunlari talablarini bajarmasa, ya’ni huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilmasa, to‘liq bloklanishi mumkinligini ogohlantirgan edi.
22 dekabrdan boshlab esa Rossiyadagi foydalanuvchilar messenjer ishidagi muammolar kuchaygani haqida ko‘p shikoyat qila boshladi. RBK manbasiga ko‘ra, Roskomnadzor WhatsApp tezligini 70–80 foizgacha sekinlashtirgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!