Yaqin Sharqdagi «poroxli bochka» istalgan daqiqada portlab ketishi hech gap emas. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidanning oxirgi bayonoti bu xavotirlarni yanada olovlantirdi. Vazirning ta’kidlashicha, Isroil hozirda Eronga hujum qilish uchun shunchaki «qulay fursat» poylamoqda.
«Do‘st achchiq gapiradi…»
Hakan Fidan yaqinda Tehronga borgani va u yerda Eron rahbariyati bilan ochiqchasiga gaplashib olganini yashirib o‘tirmadi. «Men ularga jarayon qanday ketayotganini do‘stona tushuntirdim. Bilasiz, do‘st doim achchiq haqiqatni aytadi», deydi vazir. Bu gapning tagida katta ma’no bor: Turkiya Isroilning niyati jiddiy ekanidan Tehronni ogohlantirgan.
Aslida, bu shunchaki siyosiy taxmin emas. Rasmiy Anqara mintaqadagi razvedka va diplomatik ma’lumotlarga tayanib, Isroilning harakatlarida «hujum ssenariysi» borligini ochiq ko‘rmoqda.
Trampning «Armada»si va Fors ko‘rfazidagi kuchlar namoyishi
Vaziyatni faqat Isroil emas, okean ortidan kelayotgan xabarlar ham qizitmoqda. AQSh Prezidenti Donald Tramp Fors ko‘rfazi tomon ulkan harbiy kemalar floti — «armada» yo‘l olganini e’lon qildi. USS Abraham Lincoln aviatashuvchisi yetakchiligidagi bu guruh mintaqaga yetib kelishi bilan kuchlar balansi mutlaqo o‘zgarishi mumkin.
Tramp bir oz avvalroq yumshoqroq ohangda gapirayotgan edi, biroq Erondagi ichki norozilik namoyishlari fonida u yana «tishini ko‘rsata» boshladi.
Tehronning javobi: «Bu safar cheklangan urush bo‘lmaydi»
Eron tomoni ham qarab turgani yo‘q. Reuters agentligiga gapirgan anonim mulozimning so‘zlari ancha keskin: «Agar bizga hujum bo‘lsa, u qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat’i nazar (xoh nuqtali zarba, xoh keng ko‘lamli), biz buni to‘laqonli urush deb qabul qilamiz va bor kuchimiz bilan javob beramiz».
Eron hozirda «eng yomon ssenariy»ga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mamlakat qurolli kuchlari to‘liq jangovar shaylik holatiga keltirilgan.
2024-yil iyunidagi 12 kunlik urushning achchiq asoratlari hali unutilgani yo‘q. O‘shanda ham vaziyat huddi shunday harbiy kuchlar to‘planishi bilan boshlangan edi. Bugun Turkiya o‘z qo‘shnisining barqarorligi uchun jon kuydirayotgan bo‘lsa-da, Isroil va AQShning qat’iy qadamlari Yaqin Sharqni yangi, yanada yirikroq to‘qnashuv ostonasiga yetaklab keldi.
Siyosiy kuzatuvchilarning fikricha, agar diplomatik yo‘llar ish bermasa, bu safargi to‘qnashuv shunchaki chegaradagi otishma emas, butun mintaqani qamrab olgan «olovli halqa»ga aylanishi mumkin.
Maqola muallifi : Ilyosxon Mo’ydinov
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!